Jahon savdo tashkiloti (JST) shtab-kvartirasida O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov va JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni JST bosh direktorini joriy yilning 26-fevralidan 2-martiga qadar Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtgan JST vazirlarining 13-konferentsiyasi muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabrikladi.
Hamkorlik muhokama qilinar ekan, O‘zbekiston JST uchun ustuvor davlat maqomini olgani va bu boradagi tashabbuslar yuqori baholangani ta’kidlandi.
JST bosh direktori O‘zbekiston mamlakatdagi tashabbus va islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, JSTning to‘laqonli a’zosiga aylanishiga umid bildirdi.
Uchrashuvda JST bosh direktorining joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlikni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruh faoliyatini jadallashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish va Oʻzbekiston qonunchiligini JST norma va qoidalariga muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.