Mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlari tenglashtiriladi
Oliy Majlis qonunchilikni JST shartlariga muvofiqlashtirishga qaratilgan tuzatishlarni ko‘rib chiqishni boshladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirishga qaratilgan bir qator qonunlarni ko‘rib chiqishga kirishdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Deputatlar qonun hujjatlariga Jahon savdo tashkiloti shartlariga muvofiqlashtirishga qaratilgan tuzatishlarni ko‘rib chiqdi va birinchi o‘qishda ma’qulladi. Ular o‘zbekistonlik va xorijlik tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi jamiyatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigʻim rezidentlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar uchun yigʻimga teng boʻlishi taklif qilinmoqda. Endilikda qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalar uchun 10 BRV (3,4 million so‘m), mahalliy korxonalar uchun – 1 BRV (340 ming so‘m), ayrim hollarda – 4 BRV (1,36 million so‘m) bo‘yicha yig‘im to‘lanadi.
Bundan tashqari, tovar belgisi yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga sertifikatlar berish jarayoni soddalashtiriladi. Hujjatlarni berish muddatini o‘n ish kunidan bir kungacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu kuni Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ularga ko‘ra, O‘zbekiston bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha Kioto konventsiyasi standartlarini joriy qiladi.
Shartnoma narxi tovarlarning bojxona qiymatini hisoblashning asosiy usuli sifatida belgilanadi. Shuningdek, kontrafaktga qarshi kurashish maqsadida tovarlarni bojxona hududiga ekspertiza yakunlangunga qadar shartli ravishda olib kirish ham joriy etilmoqda.
Shuningdek, deputatlar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalarni birinchi o‘qishda qabul qildi. O‘zbekistonda tovarlar, xizmatlar, mehnat va moliyaviy resurslarning erkin harakatlanishi uchun kafolatlar belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Tuzatishlar biznesni o‘z resurslarini hududlar o‘rtasida tashishdagi cheklovlardan himoya qilishni ta’minlaydi. Biznes-ombudsman idorasi qonun loyihasini oktyabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo’ydi.
“Tadbirkorlik subʼyektlarining tovarlar, xizmatlar, mehnat va moliyaviy resurslarning erkin harakatini hududiy jihatdan cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi”, — deyiladi loyihada.