Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan investorlar uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari ishtirokida “O‘zbekiston tog‘-kon sanoatining investitsion istiqbollari va soliqqa tortish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, vazirlikning bir qator boshqarmalari, boshqa davlat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda XVFning Fiskal siyosat departamenti katta iqtisodchisi Jan-Fransua Ven, Missiya rahbari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi eksperti Alister Uotson va bir qancha xorijiy investorlar ishtirok etishdi.

Davra suhbatini Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov kirish so‘zi bilan ochdi. Vazir o‘rinbosari yig‘ilganlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng xorijiy tomon bir qator taqdimotlar o‘tkazdi. Bundan tashqari, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olishda soliqqa tortish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning geologiya-qidiruv va tog‘-kon sanoati sohasida soliqqa tortish bo‘yicha tajribasi yuzasidan fikr almashildi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha tomonlar bunday maslahatlashuv va uchrashuvlarni yanada faollashtirishga kelishib oldilar.