Fransiya elchisi Aureliya Bushez “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga intervyu berib, davom etayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlaridan kutganlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Bugun sizni O‘zbekistonning istiqbolli imkoniyatlarini muhokama qilish uchun sarmoya sohasidagi asosiy ishtirokchilarni birlashtirgan ushbu muhim tadbirda qutlashdan mamnunman.

Investitsiya forumi mamlakatlar o‘rtasida ko‘prik o‘rnatish, iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashda tobora muhim vositaga aylanib bormoqda. Forum fransuz kompaniyalari va investorlari uchun O‘zbekistonning salohiyatini, uning modernizatsiya va rivojlanishga intilishini tushunish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston chuqur iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lidan bormoqda. Bu o‘zgarishlar sarmoya, qo‘shma korxonalar va savdo sherikliklari uchun yangi ufqlarni ochmoqda. Boshqa muhim tarmoqlar qatori innovatsiya va texnologiyalar sohasida ham boy tajribaga ega Fransiya bu jarayonda faol ishtirok etishga tayyor.