2024-yil 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning o‘n beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov va Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Kontinental Yevropa departamenti direktori Bris Rokefey rahbarlik qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
2022-2023-yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, energetika, transport, suv ta’minoti, turizm, qurilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.